⚡️So‘nggi yillarda oliy darajadagi 52 ta tashrif doirasida 213 milliard dollarlik 1 ming 617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan - prezident yigʻilishidan
So‘nggi yillarda oliy darajadagi 52 ta tashrif doirasida 213 milliard dollarlik 1 ming 617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Lekin bu loyihalar ijrosini nazorat qilishda sustkashliklar kuzatilayotgani qayd etildi.
Endilikda “yo‘l xaritalari” Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritilishi belgilandi.
Bosh vazirga har hafta tarmoq rahbarlari, hokimlar va elchilar bilan birga “yo‘l xaritalari”ni davlatlar kesimida, “loyihabay” muhokama qilish topshirildi.
Davlatimiz rahbari xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati bo‘yicha ham ko‘p e’tirozlar borligini bildirdi. Belarusdagi elchi investitsiya va tashqi savdo masalalariga befarqligi uchun lavozimidan ozod etilgan, Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Italiya, O‘mon, Indoneziya, Malayziya va Singapurdagi elchilarning faoliyati ham yetarli darajada ko‘rinmayotgani qayd etildi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga komissiya tuzib, iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport bo‘yicha diplomatik vakolatxonalarning ishini tahlil qilish, o‘z vazifasini bajara olmayotganlarni yosh, zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan almashtirish yuzasidan takliflar kiritish topshirildi.